Barcha yangiliklar RSS

Sohaga oid xabarlar

O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi tomonidan 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Milliy matbuot markazida OAV vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi


Tadbirda Madaniy meros agentligi Direktorining birinchi o‘rinbosari T.Kuziyev boshchiligidagi boshqarma boshliqlari va qator soha mutaxassislari ishtirok etdilar.
Matbuot anjumanida direktor o‘rinbosari madaniy merosni himoya qilish va muzeylar faoliyatini rivojlantirish va targ‘ib qilish yo‘nalishida Agentlikda 2023-yil davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
2023-yil davomida madaniy meros obyektlarini asrashga doir ishlar bo‘yicha 53 ta madaniy meros obyektida restavratsiya, ta’mirlash-tiklash ishlarini bajarish va qolgan obyektlarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun 49,1 mlrd. so‘mlik shartnomalar rasmiylashtirildi va ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda. Joriy yilda 5 ta davlat muzeyi binolarini mukammal ta’mirlash uchun 2,7 mlrd. so‘mlik pudrat shartnomalari rasmiylashtirildi 6 ta davlat muzeyi binolarini mukammal ta’mirlash uchun loyihalashtirish tashkilotlari bilan 414,0 mln. so‘mlik loyiha shartnomalari ustida ish olib borilmoqda.
 
Joriy yilning 12 oyi davomida muzeylarga jami 5 mln.ga yaqin mahalliy va xorijiy sayyohlar tashrif buyurdi. Shundan, “Moziyga sayohat” dasturi doirasida tashrif buyuruvchilar soni 3 063 288 nafarni tashkil qilgan. Jumladan, “Temir daftar”“Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar va nogironligi bo‘lgan shaxslar 173 061 nafarga yetgan.

Muzeylar sohasini rivojlantirishda bugungi kunda sohaga axborot texnologiyalarini faol tatbiq etish va raqamlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2020-yilda yaratilgan Milliy muzey fondining elektron katalogi tizimi (www.davkatalog.uz)ga 46 ta davlat muzeylari biriktirilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar 1 269 377 ta muzey ashyolari va kolleksiyalari elektron identifikatsiya qilindi.
 
2023-yilda muzeylarga tashrif buyuruvchi mehmonlarga qo‘shimcha xizmatlar tashkil etish maqsadida muzeylar va turistik yo‘nalishlardagi 18 ta madaniy meros obyektlarida “Museum shop” (muzey do‘kon) tizimi yo‘lga qo‘yildi. Madaniy meros agentligi tomonidan imkoniyati cheklangan shaxslar, nuroniylar va ularga hamrohlik qiluvchi shaxslarga qulaylik yaratish maqsadida 47 ta muzeyda pandus yo‘lakchalari, 7 ta muzeyda ko‘tarilish vositalari (lift) o‘rnatildi va 30 ga yaqin muzeylarda audiogidlar tashkil etildi.
 
Yil davomida arxeologiya tadqiqotlarini olib borish uchun 114 ta ruxsatnoma rasmiylashtirildi. Shundan, 83 tasi arxeologik qazuv ishlari uchun bo‘lsa, 31 tasi arxeologik qidiruv uchun berildi. 7 132 ta Madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektining raqamlashtirilgan pasporti shakllantirildi.
 
2023-yilda respublika hududida joylashgan Madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlarining 5 240 tasiga muhofaza belgilari o‘rnatildi, 6 780 ta obyektlarga jamoatchi inspektorlar biriktirildi, 7 832 ta kadastr yig‘ma jildi shakllantirildi. Madaniy meros obyektlaridan oqilona foydalanish maqsadida 1001 ta tadbirkorlik subyektlari bilan ijara shartnomalari tuzildi.
 
Yil davomida madaniy meros obyektlari hamda uning tutash hududlarida 160 (25 ta jinoiy, 135 ta ma’muriy) noqonuniy holatlar aniqlangan hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan. Amalga oshirilgan davlat nazorati tadbirlarida madaniy meros obyektlariga umumiy hisobda 28 mlrd. so‘mdan ziyod zarar yetkazilganligi aniqlangan. Mamlakatimiz hududidan madaniy boyliklarni noqonuniy yo‘llar bilan olib chiqishga urinish holatlari davomida jami 1.6 mlrd. so‘mlik 2036 ta ashyo tegishli tartibda to‘xtatib qolindi va 210 ta ekspertiza xulosasi tayyorlandi.
 
Xorij davlatlaridagi kutubxona, muzey, fond yoki boshqa ilmiy-madaniy muassasalari (Daniya, Hindiston, Misr, Polsha, Rossiya)da saqlanayotgan mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid 242 ta madaniy boylikning ilmiy tavsifi tayyorlandi. AQSH, Buyuk Britaniya va Ispaniyada saqlanayotgan 9 ta qo‘lyozmaning elektron nusxalari olindi.
 
Madaniy meros agentligi kelgusida ham o‘z vakolati doirasidagi faoliyatini izchil davom ettiradi. 

20-12-2023, 12:39
Ko'rishlar: 98
Sahifani chop etish