Barcha yangiliklar RSS

Sohaga oid xabarlar

Rasmiy munosabat


Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Buxoro shahrida joylashgan XVI asrga oid tarixiy hammomning buzilishi bilan bog‘liq holat aks etgan video tasvir tarqaldi. Madaniy meros agentligi hududiy boshqarmasi tomonidan vaziyat joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Holat bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-fevraldagi “Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan barcha davlat mulkida turgan obyektlar “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali qayta ijaraga berilishi ko‘rsatib o‘tilgan. Yuqoridagi farmonga asosan Buxoro shahrining Haqiqat ko‘chasida joylashgan “Bozori Kord” hammomining old qismidagi umumiy maydoni 16,0 kv.metrni tashkil etuvchi hujrasi auksion savdolariga chiqarilgan edi.

Mazkur auksion savdosi 2023-yilning 25-oktabr kuni o‘tkazilgan va fuqaro Akbar Sadikov Hojiqurbonovich ushbu auksionda №DA150-992202-sonli g‘oliblik bayonnomasiga asosan yetib chiqqan. Fuqaro bilan 26-oktabr kuni 734059/123-23-sonli uch tomonlama ijara shartnomasi tuzilgan.
 
“Bozori Kord” hammomidagi eshik 2017-yilda xorijiy sayyohlar uchun xorijiy valyuta ayriboshlash maqsadida hammomning g‘arbiy tomonida qo‘shimcha eshik ochish uchun tegishli ruxsatnoma olmasdan eshik ochish ishlari amalga oshirilgan. Natijada madaniy meros obyektiga 20 mln. so‘mga yaqin zarar yetkazilgan va mazkur zarar fuqaro A.Sadikovdan to‘liq undirilgan.

Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi tomonidan A.Sadikov ijaraga olgan hujraning devorida fuqaro M.Rahmonova hunarmandchilik mahsulotlarini osib savdo qilib kelayotganligi sababli hunarmandchilik mahsulotlarini boshqa joyga ko‘chirishni hamda fuqaro A.Sadikovni faoliyat olib borayotgan hujrasiga kirib chiqishiga to‘sqinlik qilmasligini so‘rab ko‘rsatma xati berilgan.

Agentlik bu kabi holatlarga keng jamoatchilikning befarq bo‘lmagani hamda madaniy meros obyektlarini asrab-avaylashga o‘z hissalarini qo‘shayotganliklari uchun minnatdorchilik bildiradi.

13-12-2023, 12:40
Ko'rishlar: 55
Sahifani chop etish