Suzuk ota aslida kim bo‘lganlar?

Azim Toshkent bugun rivojlanish markaziga aylanib ulgurdi. Zamonaviy binolar bilan bir qatorda poytaxtda madaniy meros obyektlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bulardan biri 2017-yilda davlat rahbarining ko‘rsatmasiga binoan rekonstruksiya qilingan “Suzuk ota” majmuasidir. Agentlik tomonidan sizlarga ushbu mo‘tabar maskan haqida va Suzuk ota aslida kim bo‘lganligi to‘g‘risida ma’lumotlarni taqdim etamiz.
Toshkent markazida joylashgan me‘moriy majmua hunarmandlarining buyuk ustozi Suzuk ota nomiga bag‘ishlangan. Ushbu shaxs o‘zining iste‘dodi, odamlarni birlashtirish qobiliyati, xayrli ishlari bilan mahalliy aholi orasida katta hurmatga sazovor bo‘lgan.
Suzuk otaning asl ismi Mustafoqul bo‘lib, 1140-yilda Turkistonning Qorachuq qishlog‘ida tavallud topgan. U kishi Ahmad Yassaviyning yakka qizi Gavhari Hushtojning kenja o‘g‘li bo‘lgan. Balog‘atga yetgan usta Toshkentdagi “Chaqar”, “Chuqurko‘prik” (hozirgi Cho‘ponota) va “Mirlar” mahallalariga tutash bo‘lgan kimsasiz, tepalik va jarliklardan iborat yerda qo‘nim topib, shu mahallani obod qilishga kirishadi. Suzuk ota yuzlab shogirdlarga ilm berib, halol mehnatga o‘rgatgan zotdir. Bolalik chog‘ida bobosi Ahmad Yassaviy u kishini erkalab, “mening suzigim (suyukligim), xush keldingiz!”, degani bois atrofdagilar ham shu ism bilan chaqira boshlashgan. Yuzlab shogirdlarning ustozi bo‘lgan Suzuk ota 1217-yilda vafot etgan.
1363-1364-yillarda Amir Temur Suzuk ota qabri ustida maqbara va masjid bunyod ettiradi. 1930-yilga kelib esa masjid va madrasa yopilib, metall buyumlar korxonasiga aylantiriladi. Hujralar o‘rnida korxona idorasi va omborxona quriladi. 1985–1990-yillargacha shahardagi eng katta gumbazli masjid bo‘lgan ziyoratgoh shu holicha saqlanib qolgan.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘rsatmasiga binoan 2017-yilning 28-avgust kuni Suzuk ota jome masjidi qurilishi uchun ilk tamal toshi qo‘yilgan edi. Mamlakat yetakchisi 2018-yil 9-avgust kuni qurilish ishlari bilan tanishib, majmua yonida hunarmandlar uchun uy-joy qurish kerakligini ham alohida topshiriq qilib bergan edi. Hozirda majmuada hunarmandlar uchun alohida ajaratilgan uy-joylar mavjud bo‘lib, ustalar shu yerning o‘zida tashrif buyurgan mehmonlarga xizmat ko‘rsatishadi. Ayni vaqtda majmua butun musulmonlar uchun ibrat maskaniga aylangan.

